Yangiliklar

Google Geminiga ekran avtomatizatsiyasi va yangi interfeys qo‘shilmoqda

Yangi funksiya boshqa ilovalarda vazifalarni mustaqil bajarish imkonini beradi
Foto: rozetked.me

Google kompaniyasi Android tizimidagi Gemini uchun yirik yangilanishni tayyorlamoqda. Ilovaning 17.4 beta-versiyasi kodida aniqlangan ekran avtomatizatsiyasi funksiyasi yordamchi dasturga uchinchi tomon xizmatlariga kirish va vazifalarni bajarish imkonini beradi.

Yangi imkoniyat foydalanuvchiga buyruq yozish yoki ovozli xabar qoldirish orqali vazifalarni hal qilishga yordam beradi. Bunda sun’iy intellekt kerakli ilovani o‘zi ochib, tegishli harakatni amalga oshiradi. Google neyrotarmoq xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirmoqda va buning uchun javobgarlik qurilma egasi zimmasida bo‘ladi. Dastlabki bosqichda funksiya cheklangan sonli ilovalar bilan ishlaydi.

Foto: BGR

Kompaniya Gemini interfeysi dizaynini ham o‘zgartirmoqda. Tezkor harakat tugmalari asosiy ekrandan olinib, Plyus menyusiga yashiriladi, bu esa qo‘shimcha bosishlarni talab qilishi mumkin. Shu bilan birga, «Yozishmani ulashish» tugmasi qulayroq joyga, chatning yuqori o‘ng burchagiga ko‘chiriladi.

Shuningdek, yaqin orada Gemini ilovasi 3D-avatarlar yaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu funksiya Apple Vision Pro shlemidagi «Persona» opsiyasining analogi bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Photos rasmni videoga aylantirish funksiyasiga yangilanish kiritgani haqida xabar bergan edi.