Gadjetlar

Google Pixel 10a uchun oldindan buyurtma 18-fevralda boshlanadi

Telefon oldindan buyurtmadan keyin taxminan ikki hafta ichida sotuvga chiqishi mumkin
Google Pixel 10a uchun oldindan buyurtma berish sanasi ma’lum bo‘ldi
Ekran tasviri videodan olindi

Google kompaniyasi budjet segmentidagi yangi smartfoni Pixel 10a’ni rasman e’lon qildi. Qurilma 15 soniyalik qisqa tizer-video orqali tanishtirildi.

Unda smartfon dizaynidagi kichik o‘zgarishlar va oldindan buyurtma sanasi 18-fevral ekani ma’lum qilindi. Yangi Pixel 10a’da kamera bloki dizayni yangilangan: u oldingi modelga nisbatan biroz baland va korpus bilan deyarli tekis joylashgan.

Google Pixel 10a: A phone with more in store, in store soon

Umuman olganda, dizayn Pixel 9a ga juda o‘xshash tekis qirralar va yumaloq burchaklar saqlab qolingan. Tizerda telefon binafsha-ko‘k rangda namoyish etildi. Bu rang Pixel 9a’dagi Iris rangiga o‘xshaydi. Google boshqa ranglar ham bo‘lishiga ishora qilmoqda.

Video orqali narx, texnik xususiyatlar va sotuv boshlanish sanasi ochiqlanmadi. Biroq mutaxassislar telefon oldindan buyurtmadan keyin taxminan ikki hafta ichida sotuvga chiqishini kutmoqda.

Narx borasida Pixel 10a Yevropada Pixel 9a bilan bir xil $499 atrofida bo‘lishi mumkin. Odatda bu AQSh bozori uchun ham mos keladi.

Qiziq tomoni, rasmiy tizer mashhur insayder Evan Blass tomonidan Pixel 10a’ning sizdirilgan suratlari e’lon qilinganidan so‘ng darhol paydo bo‘ldi. Ushbu rasmlarda Gemini AI funksiyalari, shuningdek, yangi rangdagi Pixel Watch va Pixel Buds ham ko‘rsatilgan.

Rasm: Evan Blass

Pixel 10a’ni 18-fevral, chorshanba kuni Google Store orqali oldindan buyurtma qilish mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Pixel 10a qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida ma’lumot berilgandi.