Kino va seriallar

«Merlin» seriali aktyorlari bugun qanday ko‘rinishda

Kursiv Uzbekistan serial yulduzlarining hozirgi faoliyati va ko‘rinishi haqida so‘z yuritadi
Foto: Kinok.net

2008-yil sentabr oyida Buyuk Britaniyada suratga olingan «Merlin» nomi bilan tanish bo‘lgan «Afsungar» teleseriali ilk bor ekran yuzini ko‘rgan edi. Yosh afsungar Merlin va qirol Artur haqidagi tarixiy-fantastik ushbu loyiha qisqa vaqt ichida nafaqat Buyuk Britaniya, balki butun dunyoda millionlab tomoshabinlar mehrini qozondi. Serial besh fasldan iborat bo‘lib, uning yakuniy qismi 2012-yilda namoyish etilgan.

Kursiv Uzbekistan serial yulduzlarining hozirgi faoliyati va ko‘rinishi haqida so‘z yuritadi.

Kolin Morgan (Merlin)

Serial suratga olinayotgan paytda Kolin Morgan atigi 22 yoshda edi va Merlin uning faoliyatidagi ilk yirik bosh rolga aylandi. Besh fasl davomida tomoshabinlar uning obrazidagi o‘sish va aktyorlik mahoratining shakllanishiga guvoh bo‘ldi.

Serial muvaffaqiyatidan so‘ng Kolin Morgan kino va seriallarda faol ishtirok eta boshladi. U «Afsona», «Odamlar», «Ovchi va malika» kabi mashhur loyihalarda rol ijro etgan. Aktyor shaxsiy hayotini ommadan yiroq tutib, hozirda asosan ijodiy faoliyatiga e’tibor qaratmoqda.

Bredli Jeyms (Qirol Artur)

Qirol Artur obrazi orqali tomoshabinlar qalbidan joy olgan Bredli Jeyms o‘zining tashqi ko‘rinishi va xarizmasi bilan tezda mashhurlikka erishdi. Serial yakunlanganidan so‘ng u kamroq loyihalarda ishtirok etgan bo‘lsa-da, ekranlardan butunlay chetlanmadi.

Uning so‘nggi yirik ishlaridan biri 2020-yilda namoyish etilgan «Liberator» filmi hisoblanadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Bredli Jeyms 2011-yildan buyon serialdagi hamkasbasi Enjel Kolbi bilan munosabatda.

Richard Uilson (Gayus)

Serialdagi dono va tajribali Gayus obrazi aktyor Richard Uilsonga keng omma orasida katta shuhrat olib keldi. U aktyorlik faoliyatini 1964-yilda boshlagan bo‘lsa-da, aynan Merlin seriali uni yangi avlod tomoshabinlariga tanitdi.

Yoshi ulg‘aygani sababli Richard Uilson hozirda kamdan-kam hollarda ekranlarda ko‘rinadi. Aktyorning shaxsiy hayoti haqida ochiq ma’lumotlar deyarli yo‘q.

Enjel Kolbi (Gvinevra)

Merlinning yaqin do‘sti, keyinchalik esa qirol Arturning rafiqasiga aylangan Gvinevra obrazini Enjel Kolbi ijro etgan. Aktrisa kino faoliyatini 2001-yilda boshlagan bo‘lib, hozirga qadar 30 dan ortiq turli kinoloyihalarda ishtirok etgan.

Merlin seriali suratga olinayotgan davrda u Bredli Jeyms bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. 2019-yilda Enjel Kolbi ona bo‘lganini ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilgan.

Keti Makgrat (Morgana)

Morgana obrazi serial boshida ijobiy qahramon sifatida namoyon bo‘lib, keyinchalik syujet davomida eng kuchli salbiy personajga aylandi. Keti Makgrat bu rolni yuksak mahorat bilan ijro etib, xalqaro miqyosda tanildi.

Aktrisa «Qirol Arturning qilichi», «Supergirl» kabi mashhur loyihalarda ham qatnashgan. U Kolin Morgan bilan yaqin do‘st bo‘lib, ular o‘rtasida ishqiy munosabatlar borligi haqidagi mish-mishlar rasman tasdiqlanmagan.

Entoni Xed (Uter Pendragon)

Entoni Xed Merlin serialida ishtirok etishidan oldin ham taniqli aktyor sifatida tanilgan edi. U faoliyati davomida 150 dan ortiq film va seriallarda turli rollarni ijro etgan.

71 yoshga kirganiga qaramay, Entoni Xed hanuz kino olamida faol. U 1982-yildan buyon rafiqasi Sara Fisher bilan baxtli hayot kechirib kelmoqda. Ularning ikki qizi ham aktyorlik sohasida faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Uyda yolg‘iz» filmi yulduzi Ketrin Oxara 71 yoshida vafot etgani xabar qilingandi.