Navoiyda havoni ifloslantirgan korxona sexlariga 2,5 milliard so’mga yaqin kompensatsiya to’lovlari hisoblandi

eʼlon qilindi
Korxonaning ishlab chiqarish sexlarida Davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablar to‘liq bajarilmagani aniqlandi
Foto: Ekologiya qo’mitasi

Navoiy viloyatida atmosfera havosini ifloslantirgan korxona faoliyatiga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi. Bu haqda Ekologiya qo’mitasi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qizilqum fosforit kompleksi korxonasi tomonidan havoga zararli moddalar chiqarilayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan tekshiruv o‘tkazildi.

Tekshiruv natijasida Konimex tumanida joylashgan mazkur korxonaning ishlab chiqarish sexlarida Davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablar to‘liq bajarilmagani aniqlandi. Xususan, 28-sonli manbadan chiqarilgan fosforit changi belgilangan me’yordan 3,5 barobar yuqori ekani qayd etildi.

Shuningdek, korxona tomonidan Tashkura karyerida noruda qazilmalarini qazib olish bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirini baholash hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, Davlat ekologik ekspertizasidan rasmiy xulosa olinmagani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish va atrof-muhitga yetkazilayotgan zararning oldini olish maqsadida korxonaning 2 ta ishlab chiqarish sexi 10 kun muddatga vaqtincha to‘xtatildi. Atmosfera havosini ifloslantirish, oqova suvlar oqizish va chiqindilarni joylashtirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jami 2 milliard 42 million so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.

Bundan tashqari, 5 nafar mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar Konimex tuman sudiga yuborildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijonda chiqindi uchun aholidan 3,5 mlrd so‘mdan ortiq pul asossiz undirilgani haqida yozgandi.


Shuningdek