Yangiliklar

Nike oq tanli xodimlarni kamsitishda gumonlanib tergov qilinmoqda

Kompaniya oq tanli xodimlarga nisbatan diskriminatsiyada ayblanmoqda
Foto: Reuters / Kylie Cooper

AQSh Teng bandlik imkoniyatlari komissiyasi Nike kompaniyasini oq tanli xodimlarga nisbatan ehtimoliy diskriminatsiya yuzasidan tergov qilmoqda. Komissiya kompaniya xodimlar tarkibi bo‘yicha ma’lumot berishdan bosh tortganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Komissiya sudga taqdim etgan hujjatlarga ko‘ra, Nike ishchi kuchining irqiy va etnik tarkibi hamda mentorlik dasturlariga tanlangan xodimlar ro‘yxatini taqdim etish bo‘yicha talabni bajarishdan bosh tortgan. Tergov davomida kompaniya oq tanli xodimlarni ishdan bo‘shatishda yoki ishga qabul qilishda ataylab nishonga olgani hamda xilma-xillik siyosati orqali qonunni buzgani o‘rganilmoqda.

Foto: UNI Europa

Nike vakili ushbu holatni «hayratlanarli va g‘ayrioddiy keskinlashuv» deb atab, kompaniya agentlikka minglab sahifali ma’lumotlarni taqdim etganini va hamkorlik qilayotganini bildirdi.

«Biz adolatli va qonuniy bandlik amaliyotiga sodiqmiz hamda barcha tegishli qonunlarga rioya qilamiz», – deya qayd etgan kompaniya vakili.

Ushbu tergov prezident Donald Tramp ma’muriyatining davlat va xususiy sektorda xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik dasturlariga qarshi kurashining bir qismi hisoblanadi. 2024-yilning may oyida komissiya raisi Andrea Lukas tomonidan boshlangan ushbu ayblov kam uchraydigan holat hisoblanib, odatda tergovlar xodimlarning shikoyati asosida boshlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nike kompaniyasining aksiyalari keskin ko‘tarilgani haqida xabar bergan edi.