Yangiliklar

O‘zbekiston Pokiston bilan harbiy-texnik sohalarda hamkorlikni kengaytiradi

Shavkat Mirziyoyev Pokiston Oliy Bosh qoʻmondoni Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Pokiston bilan harbiy-texnik sohalarda hamkorlikni kengaytiradi. Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga tashrifi chogʻida Pokistonning Global sanoat va mudofaa yechimlari kompaniyasi bosh qarorgohida bo‘ldi.

Davlat rahbari u yerda Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni — Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qoʻshinlari qoʻmondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik, xususan, strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Harbiy va harbiy-texnik sohalarda hamkorlikni kengaytirish, xavfsizlikka tahdid solayotgan muammolarga birgalikda qarshi kurashish muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar mudofaa sanoati korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash, tajriba almashish va qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, transport va logistika sohasidagi istiqbolli loyihalarni tezlashtirish haqida ham so‘z bordi.

Uchrashuv yakunida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqishga kelishib olindi. Shuningdek, Mirziyoyev kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘ namunalari bilan ham tanishdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yangi xalqaro transport yo‘lagi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.