
O‘zbekistonda dorixonalar 2025-yilda salkam 8 milliard so‘m asossiz daromad oldi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mitaga ko‘ra, dorilarga belgilangan cheklangan savdo ustamalarini oshirish holatlari bo‘yicha huquqbuzarlik Soliq organi tizimida aniqlanib, Fair tech axborot platformasiga yuboriladi.
O‘tgan yilda ham ushbu tizimga kelib tushgan xabarlar asosida 765 ta dorixonada 267 ming 456 ta holatda 7,95 milliard so‘m miqdorda asossiz daromad olingani aniqlandi. Pullar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Qayd etilishicha, iste’molchilardan dori vositalarining narxlarini asossiz oshirish natijasida olingan mablag‘larning eng ko‘p miqdori Surxondaryoda aniqlangan. U yerdagi 53 ta dorixonada 9445 ta holatda 1 milliard 570,2 million so‘m asossiz olingan.
Eng kam miqdor esa Xorazmda kuzatilgan. Viloyatdagi 25 ta dorixonada 3867 ta holatda 199,3 million so‘m asossiz olingan. Bundan tashqari, hududlar kesimida noqonuniy tarzda olingan summa quyidagicha:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida 26 ta dorixonada 5311 ta holatda 130,3 million so‘m miqdorda;
- Andijon viloyatida 26 ta dorixonada 3200 ta holatda 95,5 million so‘m;
- Buxoro viloyatida 53 ta dorixonada 38 ming 355 ta holatda 929,4 million so‘m;
- Jizzax viloyatida 23 ta dorixonada 1042 ta holatda 56,4 million so‘m;
- Qashqadaryo viloyatida 50 ta dorixonada 2783 ta holatda 203,6 million so‘m;
- Navoiy viloyatida 79 ta dorixonada 20 ming 645 ta holatda 329 million so‘m;
- Namangan viloyatida 56 ta dorixonada 36 ming 310 ta holatda 575,2 million so‘m;
- Samarqand viloyatida 57 ta dorixonada 5167 ta holatda 1 milliard 231 million so‘m;
- Sirdaryo viloyatida 33 ta dorixonada 2782 ta holatda 208,6 million so‘m;
- Toshkent viloyatida 63 ta dorixonada 21 ming 983 ta holatda 735,1 million so‘m;
- Farg‘ona viloyatida 35 ta dorixonada 22 ming 760 ta holatda 310,1 million so‘m;
- Toshkent shahrida 173 ta dorixonada 131 ming 219 ta holatda 1 milliard 404,7 million so‘m.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dorixonalarning 25 foizida spirt o‘rniga losyon berilgani aniqlangandi.
Shuningdek, «Kursiv» dorixona va tibbiy xizmatlarda «sirli mijoz» tekshiruvlari joriy etilishi haqida yozgandi.