O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga doir qonun ma’qullandi

eʼlon qilindi
2 ta kodeks va 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatining huquqiy asoslarini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
O‘zbekistonda islomiy bankni joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi Senatga yuborildi islomiy moliyalashtirish
Foto: ijtimoiy tarmoq

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Bu haqda Yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, yangi qonun moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish va islomiy moliya standartlariga mos muqobil bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Shu maqsadda 2 ta kodeks va 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatining huquqiy asoslarini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun alohida litsenziya turi joriy etiladi. Ushbu litsenziya banklarga faqat islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatish yoki bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini beradi.

Shuningdek, islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bankda hamda islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda islomiy moliya kengashlari tashkil etilishi belgilandi.

Bundan tashqari, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilovchi alohida bob kiritilmoqda. Unga ko‘ra, islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq maqsadida foizli daromadlarga tenglashtiriladi, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozlarga sotiladigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama esa qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Senatorlar ushbu qonun aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi, raqobat muhitini yaxshilashi va bank-moliya sohasiga yangi investorlarni jalb etishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027-yildan O‘zbekiston banklarida islomiy moliyalashtirish joriy etilishi haqida xabar berilgandi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasiga ko‘ra, 2029-yilga kelib islomiy moliyaviy xizmatlar ikki bankda mavjud bo‘ladi, 2030-yilga borib esa kamida uchta tijorat bankida to‘liq joriy etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek