
Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tayotgan o‘q otish sporti bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari navbatdagi yirik g‘alabaga erishdi. Bu haqda MOQ xabar bermoqda.
5-fevral kuni Muhammad Kamalov va Nigina Saidqulova pnevmatik to‘pponchadan 10 metrdan otish (mikst) dasturida ishtirok etib, finalda yuqori aniqlik namoyish etishdi. Sportchilarimiz bellashuvlar davomida 481.3 ball jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkich mazkur yo‘nalish bo‘yicha yangi Osiyo va jahon rekordi sifatida qayd etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqani ko‘tarinki ruhda boshlagan edi. 4-fevral kuni 10 metrdan pnevmatik to‘pponchadan otish bo‘yicha yakkalik bahslarida Vladimir Svechnikov barcha raqiblarini ortda qoldirib, qit’ada tengsiz ekanini isbotladi va terma jamoa hisobiga oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.

Shuningdek, ayni shu yo‘nalishning jamoaviy dasturida ham O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Yigitlarimiz final bahsida mezbon Hindiston jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qishki Olimpiadaga O‘zbekiston to‘rtta yo‘llanma olgani haqida xabar bergan edi.