
Qashqadaryoda 21,7 kg marixuana va Toshkent viloyatida salkam 29 ming kuchli ta’sir qiluvchi modda hamda gashish sotayotganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Jumladan, Kitob tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1979 va 1983-yillarda tug‘ilgan aka-ukalarning yashash xonadonlari tegishli tartibda ko‘zdan kechirilgan. Natijada, gugurt qutilarga hamda sintetik qoplarga joylangan jami og‘irligi 21 kg 712 g bo‘lgan marixuana borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Shuningdek, Bekobod shahrida yashovchi, 1976-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs xorijda ishlab chiqarilgan hamda tarkibida sibutramin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan kofe va boshqa mahsulotlarni sotish bilan shug‘ullanishi aniqlandi. Uning O‘rikzor bozorida joylashgan do‘koni ko‘zdan kechirilganda jami 28 ming 984 dona «30 Slimming», «MAX Slimming», «Keto Coffee» nomli mahsulotlar sotish maqsadida saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Zangiota tumanidagi TIR-park hududida turgan xorijiy davlat fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtomashinasi salonidan «gashish» giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozirda chet el fuqarosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Qirg‘izistondan O‘zbekistonga 21 kg og‘irlikdagi giyohvandlik vositasini kontrabanda yo‘li bilan olib kelganlar ushlangani haqida yozgandi.