
Interpol Milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik natijasida Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lgan qidiruvdagi shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Interpolning Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik tufayli firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda gumonlanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga berilgan fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi.
Ekstraditsiya jarayoni ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik hamda Interpol kanallaridan samarali foydalanish orqali amalga oshirildi.
Hozirda fuqaro qonunchilikda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortish va sud oldida javob berishi uchun vakolatli organlarga topshirildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri avgust oyida Interpol xalqaro qidiruvdagi jinoyatchilarni O‘zbekistonga deportatsiya qilgani haqida yozgandi.