Gadjetlar

Samsung yangi buklanuvchi smartfonini iyul oyida taqdim etadi

Qurilma SM-F971 model raqami ostida qayd etilgan
Foto: Samsung

Samsung kompaniyasi 2026-yil iyul oyida yangi buklanuvchi smartfonini global bozorda taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Notebook Check nashri xabar berdi.

Qurilma SM-F971 model raqami ostida qayd etilgan bo‘lib, u hozirgi Galaxy Z Fold yoki Galaxy Z Flip seriyalariga kirmaydi.

IMEI ma’lumotlar bazasida ushbu smartfonning beshta mintaqaviy versiyasi aniqlangan. Jumladan, SM-F9710 – Xitoy bozori uchun, SM-F971N – Janubiy Koreya uchun, SM-F971U va SM-F971U1 – AQSh uchun, SM-F971W esa Kanada va boshqa xalqaro bozorlar uchun mo‘ljallangan.

Internet manbalarida qurilma vaqtincha Galaxy Z Wide Fold nomi bilan tilga olinmoqda. Texnik ma’lumotlarga ko‘ra, u Galaxy Z Fold7 modeliga nisbatan kengroq va pastroq korpusga ega bo‘ladi. Model raqami esa na Galaxy Z Fold7, na Galaxy Z TriFold va na Galaxy Z Flip seriyalariga mos keladi.

SM-F9710 modeli ilk bor 2024-yil oxirida tilga olingan. Samsung ushbu qurilmadan Galaxy Z TriFold modeliga qaraganda yuqoriroq savdo natijalarini kutmoqda. Ma’lumot uchun, TriFold modeli dastlab AQSh bozorida cheklangan miqdorda sotuvga chiqarilgan edi.

Yangi buklanuvchi smartfonning taqdimoti 2026-yil iyul oyiga rejalashtirilgani aytilmoqda. Bu Samsung’ga Apple kompaniyasining ilk buklanuvchi smartfoni e’lon qilinishidan oldinroq bozorga chiqish imkonini beradi. Qurilmaning yakuniy nomi taqdimotga qadar o‘zgarishi mumkin.

Hozircha smartfon narxi oshkor etilmagan. Taqqoslash uchun, hozirda tiklangan (refurbished) Galaxy Z Fold7 modeli bozorda $1249 narxda sotilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 seriyasining narxi e’lon qilingani haqida yozgandi.