Yangiliklar

Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Tojikistonda ishga tushirildi

Internet birinchi navbatda mamlakatning borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlariga yo‘naltiriladi
Foto: Globallookpress.com

SpaceX kompaniyasining Starlink tizimi Tojikistonda yuqori tezlikdagi internet xizmati ishga tushganini e’lon qildi. Tegishli litsenziya shartnomasi 2025-yil oktabr oyida «Dushanbe Invest – 2025» forumi doirasida imzolangan. Bu haqda Asia-Plus nashri xabar bermoqda.

«Tojiktelekom» bosh direktori Baxtovar Abdusattorzodaning ta’kidlashicha, loyiha an’anaviy infratuzilma o‘tkazish qiyin bo‘lgan tog‘li va chegaradosh hududlarni qamrab olishga qaratilgan. Birinchi navbatda maktablar, shifoxonalar va qishloq ma’muriyatlari kabi davlat hamda ijtimoiy muassasalar tarmoqqa ulanadi.

Starlink xizmatlari milliy hamkor «Tojiktelekom» OAJ orqali ko‘rsatiladi. Ushbu model davlatga trafikni nazorat qilish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va tariflarni milliy qonunchilikka muvofiq tartibga solish imkonini beradi. Barcha tijoriy kelishuvlar mahalliy provayder orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Foydalanuvchilar past orbitali sun’iy yo‘ldoshlar hisobiga signal kechikishi kamayishini va yuqori tezlikni kutishlari mumkin. Garchi sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari odatda qimmatroq bo‘lsa-da, uskunalar narxi va tariflar mahalliy bozor sharoitlariga moslashtirilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan SpaceX nosozlik sabab Falcon 9 uchirishlarini vaqtincha to‘xtatgani haqida xabar bergan edi.