Tesla yangi Model Y versiyasini taqdim etdi

Tesla AQShda Model Y qatorini kengaytirib, yangi Standard All-Wheel Drive versiyasini $42 ming narxda sotuvga chiqardi. Bu haqda Electrek nashri xabar bermoqda. Yangi modifikatsiya bazaviy orqa uzatmali modeldan bor-yo‘g‘i $2 mingga qimmatroqdir.

Yangi variant Standard RWD ($40 ming) va Premium RWD ($45 ming) modellari oralig‘idan joy oldi. Ushbu elektromobil 4,6 soniyada soatiga 96 km tezlikka erishadi, bu bazaviy model ko‘rsatkichidan deyarli ikki barobar tezroq. Biroq, qo‘shimcha quvvat evaziga yurish masofasi biroz qisqargan. Yangi model bir quvvatlanishda 473 km masofani bosib o‘tadi.

Hozirda Tesla AQSh bozorida Model Y elektromobilining jami besh xil konfiguratsiyasini taklif qilmoqda. Standard versiyalar o‘tgan yilning oktabr oyida taqdim etilgan Premium modellarga nisbatan soddalashtirilgan interyer va eksteryerga ega ekanligi bilan ajralib turadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla’ning haydovchisiz Robotaxilari e’londan bir hafta o‘tib g‘oyib bo‘lgani haqida xabar bergan edi.