
Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida Umra ziyoratini tashkil etish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar O.K. va boshqalar fuqaro V.X.ning ishonchiga kirib, $4,9 ming evaziga «Umra – 2026» tadbiri uchun Saudiya Arabistoniga borish bo‘yicha viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgani aniqlangan. Ular to‘rt nafar fuqaroni Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, oldindan bo‘nak sifatida $2,5 ming olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida ham shunga o‘xshash holat fosh etildi. Tezkor tadbirda xususiy aviakassa chipta sotuvchisi U.Q. fuqaro L.Ch.ning ishonchiga kirib, uning qaynonasini tanishlari orqali 12,2 mln so‘m evaziga Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilgani aniqlangan. Gumonlanuvchi ushbu summadan 10 mln so‘mni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan birga 28 va 211-moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Haj va Umra safariga majburiy onlayn ro‘yxatdan o‘tish joriy etilgani haqida yozgan edi.