Toshkentdagi kiyim do‘koni reklamasi axloq me’yorlariga zid deb topilib, ishi sudga oshirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Lady Eva kiyim-kechak do‘koni reklama roligi milliy va oilaviy qadriyatlarga zid ekani haqidagi muhokamalar jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda dastlabki o‘rganish ishlari olib borildi. Reklama mazmuni bo‘yicha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazidan tegishli xulosa olindi.
Taqdim etilgan xulosaga ko‘ra, Lady Eva kiyim-kechak savdo do‘konining rasmiy sahifasida joylashtirilgan reklama roligida aks etgan obraz va iboralar axloq hamda ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid ekani qayd etilgan.
Reklama roligida kiyim do‘koni xodimi ayollar ich kiyimini reklama qilish uchun «qaynonalar uchun» iborasidan foydalangan.
Shu asosda Raqobat qo‘mitasi tomonidan mazkur savdo do‘konining rasmiy yurituvchisi – «Shanazarov Shavkat Shausmanovich» YATTga nisbatan qonun buzilishi holati bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va ish belgilangan tartibda sud organlariga yuborildi.
Ma’lumot uchun, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakl, ibora va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 12 ta korxona ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etilgani haqida yozgandi.