Avto

Xiaomi SU7 elektromobilida yuz bergan yong‘in bo‘yicha rasmiy izoh berildi

Xiaomi internetda tarqalgan videolardan birida xavfsizlik yostiqchasining reaksiyasi aks etganini ham izohlagan
Xiaomi SU7 elektromobilida yuz bergan yong‘in bo‘yicha rasmiy izoh berildi
Foto: ITHome

Xitoyning Enkou shahrida Xiaomi kompaniyasining Xiaomi SU7 elektromobili bilan bog‘liq hodisa yuz berdi. Bu haqda Kursiv Media xabar bermoqda.

Harakatlanish vaqtida avtomobil salonida, haydovchi o‘rindig‘i yaqinida tutun chiqqan va qisman alanga kuzatilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan.

Kadrlar asosida yong‘in manbai kapot ostida emas, aynan salon ichida bo‘lgani ko‘rilgan. Shu sababli avtomobil muhokamalarida ayrim foydalanuvchilar sabab sifatida batareya yoki elektron tizimlarni taxmin qilgan. Elektr avtomobillar arxitekturasi murakkabligi va boshqa brendlardagi o‘xshash holatlar bunga turtki bo‘lgan.

Xiaomi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Kompaniya ma’lum qilishicha, hodisa avtomobil konstruksiyasi bilan bog‘liq emas.

«Tekshiruv natijalariga ko‘ra, salon ichida qolib ketgan tutayotgan manba keyinchalik atrofdagi materiallarning yonishiga sabab bo‘lgan. Bu Xiaomi SU7’ning konstruktiv xususiyatlari bilan bog‘liq emas», – deyiladi kompaniya bayonotida.

Shuningdek, Xiaomi internetda tarqalgan videolardan birida xavfsizlik yostiqchasining reaksiyasi aks etganini ham izohlagan. Kompaniyaga ko‘ra, bu batareya bilan bog‘liq holat emas va akkumulyator tizimida tizimli nuqson borligidan dalolat bermaydi.

Xiaomi avtomobil egasiga ta’mirlash jarayonida yordam berishini ham ma’lum qilgan. Ushbu voqea elektromobillar ishonchliligi borasidagi muhokamalar fonida yuz berdi. Biroq mutaxassislar murakkab elektron tizimlarga ega avtomobillarda sodir bo‘ladigan har bir yong‘in holatini konstruksion nuqson bilan bog‘lash to‘g‘ri emasligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Xiaomi SU7 elektromobili qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.