Avto

2027-yilgi Cadillac ishlab chiqarilishi 18-maydan boshlanadi

Dilerlar uchun buyurtmalar esa 2026-yil 12-martdan ochiladi
Foto: Bike-ev

General Motors 2027-yilgi Cadillac Vistiq elektr krossoveri ishlab chiqarilishi 2026-yil 18-may sanasida rasman boshlanishini ma’lum qildi. Bu haqda Bike-ev nashri xabar berdi.

Dilerlar uchun buyurtmalar esa 2026-yil 12-martdan ochiladi. Ushbu qaror AQShda elektromobillar uchun berilgan federal soliq imtiyozlari muddati tugashi sababli 2025-yil oxirida Spring Hill zavodida yuzaga kelgan ishlab chiqarish tanaffusidan keyin qabul qilindi.

Cadillac’ning uch qatorli hashamatli elektr SUV modeli bozorning ikkinchi yilida barqaror hajmda sotilishi kutilmoqda. Oilaviy, premium toifadagi elektromobil izlayotgan xaridorlar uchun bu yangilik mavjudlik masalasiga aniqlik kiritadi.

Cadillac’ning EV strategiyasi va GM rejasi

Cadillac 2026-yilgi Vistiq modelini 2024-yil oxirida taqdim etgan. Ushbu model o‘lchamlari bo‘yicha Lyriq va to‘liq o‘lchamli Escalade IQ oralig‘ida joylashgan. Avtomobil GM BEV3 platformasida ishlab chiqilgan va AQSHning Tennessi shtatidagi Spring Hill Assembly zavodida yig‘iladi.

Vistiq oilaviy foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, Escalade IQ’dan arzonroq narxda premium qulayliklarni taklif qiladi. Standart jihozlarga 33 dyuymli egri LED displey, Super Cruise qo‘lsiz haydash tizimi hamda 615 ot kuchiga ega ikki motorli to‘liq uzatma (AWD) kiradi.

Foto: Bike-ev

2025-yil 30-sentabrda $7,5 ming miqdoridagi federal EV soliq imtiyozi yakunlangani sababli GM Lyriq, Vistiq, Hummer EV va Escalade IQ ishlab chiqarishini vaqtincha to‘xtatgan edi. 2026-yil yanvaridan boshlab Spring Hill zavodi bir smenada ish boshladi. Shunga qaramay, GM 2025-yil avgust oyida 21 mingta elektromobil sotib, rekord ko‘rsatkich qayd etdi.

2027-yilgi Vistiq uchun belgilangan aniq muddatlar GM elektromobillar bozorida tiklanishga ishonayotganini ko‘rsatmoqda. 2026-yilgi modellar uchun buyurtmalar esa 2026-yil 2-martdan keyin yopiladi.

Texnik xususiyatlari va imkoniyatlari

Cadillac Vistiq ikki motorli AWD tizimiga ega bo‘lib, 615 ot kuchi va 650 lb-ft aylanish momentini taqdim etadi. Elektr SUV 0 dan 60 mil/soatgacha 3,7 soniyada tezlashadi. EPA bahosiga ko‘ra, avtomobil bir zaryadda 305 mil (taxminan 490 km) masofa bosib o‘tadi.

Zaryadlash imkoniyatlari ham keng: 11,5 kW AC (soatiga 29 milgacha), ixtiyoriy 19,2 kW AC (46,9 milgacha) va 190 kW DC tezkor zaryadlash orqali 10 daqiqada 80 mil masofa qo‘shish mumkin.

Foto: Bike-ev

Salon 7 o‘rindiqli bo‘lib, yuqori komplektatsiyalarda kapitan o‘rindiqlari bilan 6 o‘rinli variant ham mavjud. Multimedia tizimi 33 dyuymli LED ekran, Google integratsiyasi va 23 ta karnayli AKG audio tizimi bilan jihozlangan.

Narxlar va komplektatsiyalar

Yetkazib berish to‘lovi $1,995 ga oshirilgach, 2026-yilgi modellar narxlari quyidagicha:

  • Luxury – $79,390;
  • Sport – $79,890;
  • Premium Luxury – $93,890;
  • Platinum – $98,490.

2027-yilgi modelda katta o‘zgarishlar kutilmayapti, faqat tashqi ko‘rinishda kichik yangilanishlar bo‘lishi mumkin.

Cadillac Vistiq narx jihatidan Escalade IQ’dan ancha arzon, quvvat bo‘yicha esa Rivian R1S bilan raqobatlasha oladi. Tesla Model X masofa borasida ustun bo‘lsa-da, Cadillac ichki hashamati va Super Cruise tizimi bilan ajralib turadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1 000 ot kuchiga ega Cadillac’ning yangi versiyasi taqdim etilgani haqida yozgandi.