
Amazon kelasi oydan film ishlab chiqarish jarayonida sun’iy intellekt vositalarini sinovdan o‘tkazishni boshlaydi. Bu haqda Tech Crunch ma’lum qildi.
Sun’iy intellekt vositalari kadrlar o‘rtasida obrazlar izchilligini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonini tezlashtirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan. Ushbu dastur orqali ijodiy jamoalar SI yordamida videolarni yaratish va tahrirlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, mualliflik huquqlari himoyalanadi va SI tomonidan yaratilgan kontent boshqa modellarga o‘tkazilmaydi.
Amazon dastlabki natijalarni may oyida e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Kompaniya, shuningdek, mashhur prodyuserlar va texnologik sheriklar bilan hamkorlik qilib, vositalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha eng yaxshi usullarni ishlab chiqmoqchi.
Ma’lumot uchun, Amazon joriy yil yanvar oyida 16 ming nafar, o‘tgan yil oktabr oyida esa 14 ming nafar xodimni ishdan bo‘shatgan. Ularning o‘rnini sun’iy intellekt yordamchilari bilan to‘ldirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI Frontier nomli korxonalar uchun SI agentlarini boshqarish platformasini ishga tushirgan edi.