
Qozog‘istonning Aksu shahrida yashovchi bloger Chevrolet Cobalt avtomobili bir hafta davomida kuchli sovuqda turganidan keyin qanday ishga tushganini ko‘rsatdi.
Uning aytishicha, kechalari havo harorati -36 darajagacha tushgan, kunduzi esa -25 darajadan yuqori bo‘lmagan. Shu kunlarda u mashinani umuman haydamagan, jamoat transportidan foydalangan.
Avtomobilni ishga tushirish oson bo‘lmagan, ammo baribir muvaffaqiyatli chiqqan. Muhim jihati shundaki, akkumulyator shu vaqt davomida uyda saqlangan. Muallif videoda akkumulyatorni uyidan olib chiqib, tashqarida mashinaga o‘rnatadi. Bu sovuqda dvigatelni ishga tushirishga katta yordam bergani ta’kidlanmoqda.
Bir haftalik sovuqdan keyin dvigatel ishga tushgan, biroq darhol to‘liq ishlamagan. Motor sekin qizigan, harorat ko‘rsatkichi dastlab noto‘g‘ri chiqib, faqat tizim qayta ishga tushirilgandan keyin paydo bo‘lgan.
Video ostidagi izohlarda foydalanuvchilar turli fikrlarni bildirishgan. Ba’zilar akkumulyator klemmlarini yaxshilab mahkamlash kerakligini aytgan, boshqalar esa dvigatelni ishga tushirishdan oldin yonilg‘i nasosi bosim yig‘ishini kutish lozimligini ta’kidlashgan. Ayrimlar o‘z avtomobillari -30…-36 daraja sovuqda ham muammosiz har kuni ishga tushishini misol qilib keltirishgan.
Shuningdek, quyuqlashgan moy, termostat muammosi va shamlarni almashtirish bo‘yicha maslahatlar ham bo‘lgan. Ba’zi izohlar esa tanqidiy ohangda yozilgan.
Muallif esa yakunda agar kuchli sovuqda mashinani haydamaslik imkoniyati bo‘lsa, uni qiynamagan ma’qul deydi. Hatto avtomobil ishga tushsa ham, haddan tashqari sovuq texnika uchun baribir zararli bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Cobalt kundalik foydalanish uchun qanchalik mosligi tahlil qilingandi. Cobalt odatda 1.5 litrli benzin dvigatel bilan taklif qilinadi, mexanik yoki avtomat uzatmalar qutisiga ega. Konstruksiyasi murakkab emas, shu sababli servis va ta’mirlash jarayonlari ham nisbatan oson.
