Bitkoin 15 oylik minimum 64,8 ming dollarga tushdi

Bitkoin narxi AQSh prezidenti Donald Trampning qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, beqarorlikni namoyish etmoqda. 6-fevral soat 09:35 holatiga ko‘ra, kriptovalyuta qiymati $64,8 mingni tashkil qildi.
Xalqaro bozorlarda bitkoin narxi yil boshidan beri 24 foizga pasayib, o‘tgan yilgi $122,2 minglik rekorddan ancha uzoqlashdi. Deutsche Bank tahlilchilariga ko‘ra, bozorning qulashiga Trampning Federal zaxira tizimi raisi lavozimiga qattiqqo‘l siyosat tarafdori Kevin Uorshni nomzod qilib ko‘rsatgani turtki bo‘lgan.

O‘zbekistonning UZNEX birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 6-fevral soat 00:01 da bitkoin narxi $61 minggacha tushib ketgan edi, ammo tonggi savdolarda (09:35 holatiga) $64,8 minggacha ko‘tarildi. Shunga qaramay, umumiy tendensiya pasayish yo‘nalishida qolmoqda.
Stifel investitsiya firmasi narxlar kelgusida $38 minggacha tushishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Kriptovalyuta bozori so‘nggi bir oy ichida $1 trlndan ortiq qiymatini yo‘qotdi.
«Men narxlar qayta tiklanishiga ishonaman, aks holda biz qandaydir urush holatida bo‘lishimiz kerak bo‘lardi», – dedi BBC’ga bergan izohida Abra Capital rahbari Uilyam Barxidt.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bitkoin narxi 75 ming dollardan pastga tushgani haqida xabar bergan edi.