Avto

Geely Galaxy M7 avtomobili namoyish etildi

Geely Galaxy M7’ning jahon bozoridagi savdosi 2026-yilning birinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan
Foto: Geely

Xitoyning Geely kompaniyasi Milan shahrida o‘zining yangi texnologik flagmani bo‘lgan Geely Galaxy M7 krossoverini taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda. Model global bozorga mo‘ljallangan va qayta zaryadlanadigan gibrid kuch qurilmasiga ega.

Geely Galaxy M7 to‘liq yoqilg‘i baki va to‘liq zaryadlangan batareya bilan 1730 km masofani bosib o‘ta oladi. Shundan 225 km yo‘l faqat elektr rejimida yurish imkonini beradi. Bu ko‘rsatkich modelni o‘z sinfidagi eng uzoq masofaga yuradigan krossoverlardan biriga aylantiradi.

Foto: Geely

Krossover besh xil rangda taqdim etildi. Old qismida 2 metrdan uzun yorug‘lik tasmasi bor. U 362 ta LED chiroqdan iborat. Orqa fonarlar ham yagona yorug‘lik elementi tarzida ishlangan. Avtomobil o‘lchamlari 4770x1905x1685 mm. G‘ildirak bazasi 2785 mmni tashkil etadi.

Salon bezagida sun’iy zamsha va tabiiy yog‘och elementlar qo‘llanilgan. Boshqaruv elementlari «kristall» uslubidagi tutqichlar bilan to‘ldirilgan. Panoramali tom maydoni 1,2 m²ga teng. Flyme Sound audio tizimi 23 ta dinamik bilan jihozlangan. Atmosfera yoritqichi 256 rangni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Geely
Foto: Geely

Galaxy M7 111 ot kuchiga ega 1,5 litrli benzin dvigatel asosidagi gibrid tizim bilan ishlaydi. Komplektatsiyaga qarab, 18,4 kVt/soat yoki 29,8 kVt·soat sig‘imli tortuvchi batareya taklif etiladi.

Geely Galaxy M7’ning jahon bozoridagi savdosi 2026-yilning birinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy M7 avtomobili qanday imkoniyatlarga ega ekani haqida yozgan edi.