
Google kompaniyasi Android foydalanuvchilari uchun Quick Share (tezkor ulashish) funksiyasini faqat Pixel smartfonlarida emas, boshqa Android qurilmalari egalari uchun ham joriy qildi. Bu haqda Android Authority xabar berdi.
Unga ko‘ra, Quick Share funksiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri va teng usulda ishlaydi. Ma’lumotlar server orqali uzatilmaydi, umumiy tarkib qayd etilmaydi va qo‘shimcha ma’lumotlar yuborilmaydi.
Avval bu imkoniyat Pixel 10 modellari uchun joriy etilgan, keyinchalik Pixel 9 egalari ham undan foydalana olishgan. Endilikda esa boshqa Android brendlariga tegishli qurilmalarda ham ushbu funksiyadan foydalanish mumkin.
Google vakillarining xabar berishicha, kompaniya mahsulotni iPhone, iPad va MacBook bilan mos ishlashi uchun katta vaqt va kuch sarflagan. Kompaniya funksiyani butun ekotizimga kengaytirish ustida ishlayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google kompaniyasi Pixel 10a smartfonini namoyish etgan edi.