
Honor kompaniyasi o‘rta narx segmentiga mansub, biroq juda katta sig‘imli akkumulyatorga ega yangi smartfon ustida ishlamoqda. Bu haqda Gizmocjina nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, Honor 600 modeli 9000 mA/soat sig‘imdagi akkumulyator va 6,57 dyuymli displey bilan jihozlanadi. Bugungi standartlar bo‘yicha bunday ekran o‘lchami juda katta hisoblanmasa-da, qurilmani ixcham deyish qiyin.
Taqqoslash uchun, hozirgi Honor 500 modeli ham xuddi shu — 6,57 dyuymli ekranga ega bo‘lib, uning akkumulyatori 8000 mA·soatni tashkil etadi. Shu bois yangi qurilmaning aynan Honor 600 bo‘lishi ehtimoli yuqori baholanmoqda.
Amaldagi Honor 500 smartfoni Snapdragon 8s Gen 4 protsessori va 7,8 mm qalinlikdagi korpus bilan taqdim etilgan. Agar Honor 600 ham shu yo‘nalishda rivojlantirilsa, u katta akkumulyatorga qaramay, nisbatan yupqa dizaynni saqlab qolishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honor X8d smartfoni sotib olishga arziydimi yo‘qmi yozgandi.