Indoneziyada dunyodagi eng uzun yovvoyi ilon rasman qayd etildi

Indoneziyaning Sulavesi orolida topilgan urg‘ochi to‘rsimon piton rasmiy o‘lchovlardan so‘ng dunyodagi eng uzun yovvoyi ilon deb tan olindi. Uning uzunligi 7,22 metrni tashkil etgani tasdiqlandi. Bu haqda Guinness World Records xabar bermoqda.

Yangi rekordchi Ibu Baron (Baronessa) nomini olgan bo‘lib, uning o‘lchamlari standart futbol darvozasining enini to‘liq qoplaydi. Pitonning og‘irligi 96,5 kg ni tashkil etdi, bu esa voyaga yetgan gigant pandaning vazniga tengdir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ilon anesteziya ostida to‘liq bo‘shashgan holatda o‘lchanganda, uning uzunligi taxminan 7,9 metrga yetishi mumkin edi. Biroq, jonivorning xavfsizligini ta’minlash maqsadida bunday muolaja qo‘llanilmadi.

Piton 2025-yil oxirida Maros mintaqasida mahalliy aholi tomonidan topilgan va keyinchalik tabiatni muhofaza qiluvchi Budi Purvanto tomonidan qutqarilgan. Hozirda ilon Purvantoga tegishli maxsus qo‘riqxonada saqlanmoqda. Mahalliy aholi va yirik ilonlar o‘rtasidagi ziddiyatlar, asosan, yashash hududlarining qisqarishi va tabiiy ozuqa manbalarining kamayishi sababli ortib bormoqda.

Ibu Baron kabi yirik yirtqichlar odatda chorva mollari va odamlar uchun xavf sifatida ko‘rilib, yo‘q qilinadi yoki noqonuniy savdo qurboniga aylanadi. Avvalgi ilmiy jihatdan tasdiqlangan eng uzun yovvoyi ilon rekordi 1999-yilda Borneo orolida topilgan 6,95 metrli pitonga tegishli edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda topilgan chiyabo‘ri hayvonot bog‘iga topshirilgani haqida xabar bergan edi.