
Xitoyda endigina savdoga chiqqan iQOO 15 Ultra qisqa vaqt ichida Ultra-toifadagi smartfonlar orasida eng yaxshi sotilayotgan modelga aylandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma JD.com, Taobao va Douyin platformalarida yangi Ultra-modellar orasida start sotuvi bo‘yicha yetakchilik qilgan.
Sotuvlarning birinchi kunida iQOO 15 Ultra natijasi iQOO 15 Pro‘dan qariyb 1,5 baravar yuqori bo‘lgan. Ikkinchi kunda esa ko‘rsatkich 2,3-2,4 baravargacha oshgan.
Tahlillar xaridorlar, ayniqsa, katta xotirali versiyalarni faol tanlayotganini ko‘rsatdi. 24 GB tezkor va 1 TB doimiy xotiraga ega konfiguratsiya ulushi kutilganidan yuqori chiqdi va prognozlardan oshib ketdi.
iQOO 15 Ultra eng so‘nggi Qualcomm Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan jihozlangan. Smartfonda, shuningdek, Q3 nomli maxsus o‘yin chipi, ventilyatorli faol sovitish tizimi va 6,85 dyuymli Samsung ishlab chiqargan 2K LTPO displey mavjud. Ekranning maksimal yorqinligi 8000 nitgacha yetadi.
Qurilma 7400 mA/soat sig‘imli batareya bilan ta’minlangan. U 100 Vt simli va 40 Vt simsiz tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Kamera tizimi esa uchta 50 megapikselli moduldan iborat bo‘lib, ulardan biri 3 karra optik zumga ega periskop obyektiv.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iQOO 15 Ultra rasman taqdim etilgani haqida yozgan edi.