Yangiliklar

Komik Nurlan Saburovga Rossiyaga kirish 50 yilga taqiqlandi

Saburov Rossiyada qiymati 60 mln rubldan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulkka egalik qiladi
Foto: interesnyefakty.org

Taniqli stendap-komik Nurlan Saburovga Rossiya hududiga kirish 50 yil muddatga man etildi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qaror mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlash, qonunchilik normalariga rioya etish hamda an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni himoyalash maqsadida qabul qilingan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/video666661661661-online-video-cutter.com_.mp4
Video: RIA

Shuningdek, huquq-tartibot organlari vakillari komikning Rossiyada ishlab topgan mablag‘larini vositachilar orqali legallashtirishga uringanini qo‘shimcha qilishgan. Saburov Rossiyada qiymati 60 mln rubldan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulkka egalik qiladi.

Nurlan Alibekovich Saburov 1991-yil 22-dekabrda Qozog‘istonning Stepnogorsk shahrida tug‘ilgan. U o‘z faoliyatini KVN jamoalarida boshlagan bo‘lib, keyinchalik TNT telekanalidagi Stand Up loyihasi orqali keng tanilgan.

Foto: Saburov instagram sahifasi

Komikning eng mashhur loyihalaridan biri bu YouTube platformasidagi «Chto bilo dalshe?» (ChBD) shousi hisoblanadi. U ushbu loyihada boshlovchi sifatida ishtirok etib, mehmonlar bilan o‘tkir hazillar va improvizatsiya asosida muloqot qilishi bilan tomoshabinlar e’tiborini qozongan.

Saburov so‘nggi yillarda nafaqat Rossiya, balki xalqaro maydonlarda, xususan, AQSh va Qozog‘istonda ham gastrol safarlarini amalga oshirib kelayotgan edi. Ushbu taqiq uning Rossiyadagi ijodiy faoliyati va biznes loyihalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan biometrik tekshiruvdan so‘ng migrantlarning 10 foizi Rossiyaga kiritilmagani haqida xabar bergan edi.