Yangiliklar

Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga qayta saylandi

U 2021-yil fevraldan buyon ushbu lavozimda ishlab kelmoqda
Foto: Senat matbuot xizmati

Mirzo-Ulug‘bek Elchiyevich Abdusalomov Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib qayta saylandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Abdusalomov 1952-yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – huquqshunos, yuridik fanlar nomzodi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.

U 1995 – 2004-yillarda Oliy xo‘jalik sudi raisi, 2004 – 2005-yillarda Konstitutsiyaviy sud raisi lavozimlarida ishlagan, 2005-yil 7-mayidan 2021-yil 5-fevraliga qadar Markaziy saylov komissiyasi raisi bo‘lgan. 2021-yil fevralidan buyon Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ma’lumot uchun, 2024-yil yanvarida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz 10 yillik muddatga saylanadi. Ilgari birinchi marta 5 yilga, ikkinchi marta 10 yilga saylangan.

Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini oshirish, Konstitutsiyaviy sud ishlarini raqamlashtirish va odil sudlov kafolatlarini kuchaytirish maqsadida yangi farmon qabul qilgani haqida yozgandi.