Li Auto yangi L9 Livis flagman krossoverini taqdim etdi

6-fevral 2026 14:29 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Li Auto Xitoyda yangi L9 Livis flagman krossoverini taqdim etdi
Foto: Li Auto

Xitoyning Li Auto kompaniyasi yangi flagman modeli L9 Livis krossoverini rasman namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Model kengaytirilgan gibrid tizimga ega bo‘lib, 2 560 TOPS hisoblash quvvatiga ega intellektual boshqaruv tizimi bilan jihozlangan.

L9 modeli ilk bor 2022-yil iyun oyida taqdim etilgan va qisqa vaqt ichida brendning eng muvaffaqiyatli avtomobillaridan biriga aylangan. Dastlabki yillarda savdo hajmi yuqori bo‘lgan, biroq 2024–2025-yillarda bozorda kuchli raqobatchilar paydo bo‘lishi tufayli sotuvlar sezilarli kamaygan. Shu sabab kompaniya modelni tubdan yangilashga qaror qilgan.

Foto: Li Auto

Yangi L9 Livis tashqi ko‘rinishi bo‘yicha Li Auto’ning boshqa L-seriya avtomobillariga moslashtirilgan. Old qismda brendga xos yorug‘lik chizig‘i saqlanib qolgan. Eshik tutqichlari yangilangan va korpus dizayni zamonaviy talablarga moslashtirilgan. Orqa qismi ham qayta ishlangan va yangi LED chiroqlar bilan jihozlangan. Avtomobil ikki rangli kuzov variantlarida ham taklif qilinadi.

Texnik jihatdan L9 Livis 800V faol osma tizimiga ega. U har bir g‘ildirakni alohida boshqarish imkonini beradi va barqarorlikni oshiradi. Model to‘rt g‘ildirakli burilish tizimi va elektron boshqariladigan tormoz mexanizmi bilan ham jihozlangan.

Foto: Li Auto

Eng asosiy yangiliklardan biri 2 560 TOPS quvvatga ega hisoblash platformasi hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich hozircha bozor uchun rekord darajaga yaqin. Tizim kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan ikkita Mach 100 chipiga asoslangan.

Avtomobil yaqin vaqt ichida Xitoy bozoriga 559,8 ming yuan ($80 ming) narxda chiqadi. Yangi model narxi avvalgi L9’ning eng yuqori komplektatsiyasidan qariyb 100 ming yuanga ($14 ming) qimmat. Bu uni to‘g‘ridan to‘g‘ri Zeekr 9X kabi premium raqobatchilar bilan bir segmentga olib chiqadi. Batareya hajmi, elektr rejimidagi masofa va tezlanish kabi ayrim ko‘rsatkichlar hozircha ochiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Li Auto L9 eng sovuq hududda sinovdan o‘tayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek