
6-fevral sanasi Turkiyadagi dahshatli zilzila, Britaniyada ayollar huquqlarining kengayishi va sport tarixidagi unutilmas lahzalar bilan tarixga muhrlangan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

1911-yili AQShning Illinoys shtatida mamlakatning 40-prezidenti Ronald Reygan dunyoga keldi. Dastlab Gollivud aktyori sifatida tanilgan Reygan, keyinchalik siyosat maydoniga kirib, «sovuq urush»ning yakunlanishida muhim rol o‘ynagan. Uning boshqaruv davri iqtisodiy islohotlar, ya’ni «reyganomika» bilan ham tarixda qolgan.

1918-yilda Buyuk Britaniya tarixida ijtimoiy tenglik sari muhim qadam tashlandi. Parlament tomonidan qabul qilingan «Xalq vakilligi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, 30 yoshdan oshgan va muayyan mulkiy senzlarga javob beradigan ayollarga ovoz berish huquqi taqdim etildi. Bu qaror keyinchalik butun dunyo bo‘ylab xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishga turtki bo‘ldi.

1958-yil futbol olami uchun motamli sana bo‘ldi. Belgradan qaytayotgan «Manchester Yunayted» jamoasi samolyoti Myunxen aeroportida halokatga uchradi. «Basbi bolalari» nomi bilan mashhur bo‘lgan iqtidorli avlodning 8 nafar futbolchisi va jami 23 kishi qurbon bo‘ldi, biroq murabbiy Mett Basbi tirik qolib, keyinchalik jamoani qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

1966-yili britaniyalik mashhur xonanda Rik Astli tavallud topdi. Uning 1987-yilda chiqarilgan «Never Gonna Give You Up» qo‘shig‘i nafaqat o‘z davrining xiti bo‘ldi, balki yillar o‘tib internet olamida «Rickrolling» fenomeni orqali ikkinchi hayotini boshladi. Xonanda bugungi kunda ham faol ijodini davom ettirib kelmoqda.

1988-yilda Chikagoda o‘tkazilgan NBA yulduzlari uchrashuvida Maykl Jordan sport tarixidagi eng mashhur tryuklardan birini amalga oshirdi. «Slam Dunk» tanlovida jarima chizig‘idan sakrab to‘p kiritgan Jordan hakamlardan maksimal 50 ball oldi. Uning havoda muallaq turgan holati aks etgan surat keyinchalik «Air Jordan» brendining ramziga aylandi.

Yaqin o‘tmishning eng ayanchli sahifalaridan biri 2023-yilda yozildi. Turkiya janubi-sharqi va Suriya hududlarida 7,8 magnitudali vayronkor zilzila sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ofat oqibatida 50 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, yuzlab shaharlar vayronaga aylanib, millionlab aholi boshpanasiz qoldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 5-fevral sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.
