
6-fevral kuni jahon bozorida oltin va kumush narxi biroz ko‘tarildi, ammo texnologik kompaniyalar aksiyalarining global sotuvi va dollar kursining mustahkamlanishi sababli haftalik ko‘rsatkichda pasayish kuzatildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Juma kungi savdolarda spot oltin narxi 1,1 foizga oshib, bir unsiya uchun $4,8 mingni tashkil qildi, biroq hafta davomida umumiy hisobda 1,2 foizga pasaydi. Aprel oyida yetkazib beriladigan AQSh oltin fyucherslari esa 1 foizga tushib, $4,8 mingga teng bo‘ldi. Kumush narxi juma kuni 0,4 foizga ko‘tarilib, 71,50 dollarga yetgan bo‘lsa-da, bu metall ketma-ket ikkinchi hafta arzonlashmoqda.
Avvalroq kumush narxi 10 foizga tushib, 65 dollardan pastlagan va 1,5 oylik eng past ko‘rsatkichni qayd etgan edi. Tahlilchilar bozordagi ushbu holatni investorlarning xatardan qochishi bilan izohlamoqda. Shuningdek, Xitoy omili ham bozorga ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. ANZ tahlilchisi Soni Kumarining so‘zlariga ko‘ra, narxlarning tushishi Xitoy Yangi yili oldidan sodir bo‘lgan va bu xitoylik iste’molchilar tomonidan xaridlar hajmini oshirishi mumkin.
Boshqa qimmatbaho metallar bozorida ham o‘zgarishlar kuzatildi. 26-yanvarda tarixiy rekord ($2,9 ming) qayd etgan platina narxi 3,6 foizga tushib, $1,9 mingni tashkil qildi. Palladiy esa 1,4 foizga oshib, $1,6 mingga yetdi. Ikkala metall ham haftalik yakunlarga ko‘ra pasayishni ko‘rsatgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oltin narxi yil oxirigacha 6 300 dollarga yetishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.