
OpenAI kompaniyasi korxonalar uchun SI agentlarini yaratish va boshqarishga mo‘ljallangan OpenAI Frontier platformasini ishga tushirdi. Bu ochiq platforma bo‘lib, foydalanuvchilarga OpenAI’dan tashqarida yaratilgan agentlarni ham boshqarish imkonini beradi, deya yozmoqda Tech Crunch.
Frontier orqali SI agentlarini tashqi ma’lumotlar bazalari va ilovalar bilan bog‘lash, ularning vazifalarini kengaytirish hamda ruxsatlarini nazorat qilish mumkin. OpenAI ushbu platforma agentlarni inson xodimlari kabi boshqarish tamoyiliga asoslanganini ta’kidladi. Platformada agentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning faoliyatini doimiy takomillashtirib borishga xizmat qiluvchi baholash mexanizmi mavjud.
OpenAI’ga ko‘ra, HP, Oracle, State Farm va Uber kabi kompaniyalar Frontier’dan foydalanmoqda. Hozirda platforma cheklangan foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘lib, yaqin oylarda keng ommaga taqdim etilishi rejalashtirilgan. Narxlar bo‘yicha ma’lumot berilmagan.
Ma’lumot uchun, SI agentlarini boshqarish 2024-yildan buyon muhim hisoblanadi. Salesforce Agentforce, $150 mln sarmoya olgan LangChain va $20 mln sarmoya olgan CrewAI, shuningdek, boshqa bir qancha startaplar bozorda allaqachon o‘z o‘rnini egallagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI ilmiy tadqiqotlar uchun ish maydonchasi Prism’ni taqdim etgan edi.