OpenAI o‘zining eng tezkor va aqlli GPT-5.3-Codex modelini namoyish qildi

OpenAI kompaniyasi dasturlash va mantiqiy fikrlashni o‘zida birlashtirgan, bugungi kungacha eng qobiliyatli agent hisoblangan GPT-5.3-Codex modelini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sayti xabar berdi.
GPT-5.3-Codex dasturiy ta’minot muhandisligi bo‘yicha sanoat standartlari hisoblangan SWE-Bench Pro va Terminal-Bench 2.0 sinovlarida rekord natijalarni qayd etdi. Xususan, terminal ko‘nikmalarini o‘lchaydigan testda yangi model 77,3 foiz aniqlikka erishgan bo‘lsa, uning oldingi versiyasi 64 foiz natija ko‘rsatgan edi.

GPT-5.3-Codex modeli GPT-5.2-Codex’ga nisbatan 25 foizga tezroq ishlaydi va uzoq muddatli murakkab vazifalarni inson aralashuvisiz bajarish salohiyatiga ega. Model nafaqat kod yozish, balki nosozliklarni tuzatish, dasturni joylashtirish va tizimni monitoring qilish kabi to‘liq sikldagi vazifalarni bajara oladi.
Yangi sun’iy intellekt oddiy kod yozishdan tashqari, veb-ilova va o‘yinlarni noldan boshlab yaratish qobiliyatiga ega ekanligi namoyish etildi. Masalan, model qisqa ko‘rsatmalar asosida murakkab poyga va suv osti o‘yinlarini mustaqil ishlab chiqqan. OSWorld sinovlarida kompyuter interfeysini vizual boshqarish va turli ilovalardan foydalanish bo‘yicha model 64,7 foiz natija ko‘rsatdi. Taqqoslash uchun, ushbu testda insonlarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 72 foizni tashkil qiladi.

Model faqat dasturchilar uchun emas, balki moliyaviy tahlil, taqdimotlar tayyorlash va ma’lumotlar bilan ishlashda ham yordam beradi. GDPval reytingida u 44 ta kasb bo‘yicha yuqori samaradorlikni namoyish etgan. Kompaniya, shuningdek, kiberxavfsizlikni kuchaytirish va ochiq kodli dasturlarni himoya qilish maqsadida $10 mlnlik grant dasturini e’lon qildi.
GPT-5.3-Codex NVIDIA GB200 NVL72 tizimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda pullik obunachilar uchun ilova va veb-versiyada mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Excel dasturiga jadvallarni to‘ldiruvchi sun’iy intellekt agenti rejimi qo‘shilgani haqida xabar bergan edi.