
2026-yilda O‘zbekiston va Pokiston hududlararo forumning ilk yig‘ilishi Xivada o‘tkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Pokiston prezidenti Asif Ali Zardari bilan tor doiradagi uchrashuvida qayd etildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, do‘stlik va strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Pokiston prezidenti Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabriklab, ushbu tashrif ikki tomonlama aloqalarga yangi sur’at berishini ta’kidladi.

Islomobod sammitiga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va siyosiy maslahatlashuvlar samarali o‘tgani bildirildi. Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish muhim ekani alohida urg‘ulandi.
Yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi. Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida hududlararo forumning ilk yig‘ilishini joriy yilda Xivada o‘tkazishga kelishib olindi.



Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha yaqin pozitsiyalarni saqlab qolish bo‘yicha kelishuvlar tasdiqlandi. Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim, ekologiya va sport sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga tayyorlik bildirildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Asif Ali Zardarini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston va Pokiston savdo hajmini $2 mlrdga yetkazishi haqida yozgan edi.