O‘zbekiston va Pokiston ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha muhim bitimlarni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif qo‘shma deklaratsiya hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yetakchilar huzurida bir qator ikki tomonlama hujjatlar ham almashildi. 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan Tashqi ishlar vazirliklari hamkorlik dasturi, O‘zbekiston – Pokiston Ishbilarmonlik kengashi va hududlararo forumini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlari shular jumlasidandir.
Shuningdek imtiyozli savdo, port xizmatlari, konchilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, raqamli texnologiyalar, madaniyat, sport, ekologiya, favqulodda vaziyatlarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik bitimlari ham imzolandi.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar aylanmasiga qarshi kurashish, jazoni o‘tashni davom ettirish, yangi eksport mahsulotlari uchun fitosanitariya talablarini belgilash hamda mudofaa sohasida «Yo‘l xaritasi» imzolandi.
Yig‘ilish doirasida ekspertlar kengashi va bir qator institutsional hamkorliklar ham tashkil etildi. Ularga O‘zbekiston va Pokistonning tegishli vazirliklari, shahar ma’muriyatlari, strategik tadqiqotlar institutlari hamda universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik bitimlari kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Pokistondagi universitet tomonidan faxriy doktor va professor unvonlariga sazovor bo‘lgani haqida xabar qilgan edik.


