
6-fevral kuni Pokiston poytaxti Islomobodning Tarlai Kalan hududidagi Imom Bargoh Qasr-e-Xadichatul Kubra diniy maskanida kuchli portlash yuz berdi. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, xudkush terrorchi portlovchi qurilmani asosiy darvoza oldida ishga tushirgan. Bu haqda Times of Islamabad xabar bermoqda.
Xavfsizlik rasmiylarining ma’lum qilishicha, hujumchi hushyor soqchilar tomonidan kirish eshigi oldida to‘xtatib qolingan. Bu esa namozxonlar to‘plangan asosiy zalga kirishning oldini olgan. To‘siqqa qaramay, portlash darvoza tuzilishiga jiddiy zarar yetkazdi va yaqin atrofdagi binolarning oynalarini sindirib yubordi.
Islomobod politsiyasi bosh inspektori butun shahar bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi. Qutqaruv va huquq-tartibot organlari zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra va tarqalgan videolarda ko‘rinishicha, hududdan quyuq qora tutun ko‘tarilmoqda, tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalari safarbar etilgan.
Yaradorlar Pokiston tibbiyot fanlari institutiga va boshqa yaqin shifoxonalarga yetkazilmoqda. Politsiya butun hududni o‘rab olib, sud-tibbiy dalillarni to‘plashni boshladi. Hozircha hech qaysi guruh ushbu portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.
Bu hodisa poytaxtda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgan bir paytda sodir bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, 2025-yil noyabr oyida tuman sudlari majmuasi tashqarisidagi xudkushlik hujumi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan edi. Rasmiylar aholini hushyorlikka chaqirib, shubhali harakatlar haqida xabar berishni so‘ragan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kobulda yuz bergan portlashda «Tolibon» vaziri halok bo‘lgani haqida xabar berildi.