Yangiliklar

«Qon bosimi» qanday hollarda kuzatiladi

Bugun dunyoda 30 – 79 yosh oralig‘idagi 1,4 milliardga yaqin odamlar ushbu xastalikdan aziyat chekmoqda
«Qon bosimi» aslida 40 yoshdan keyin uchraydi, ammo hozir yoshlar orasida ko‘paymoqda
Foto: Doç. Dr. Onur Taşar

Gipertoniya qon bosimining doimiy yuqori bo‘lishi bilan kechadigan xavfli kasallik. Dunyoda 30 – 79 yosh oralig‘idagi 1,4 mlrdga yaqin odamlar ushbu xastalikdan aziyat chekmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali direktori Yashin Ahmadov gipertoniyaning asosiy omillari haqida ma’lumot berdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, gipertoniya yurak xuruji, insult, buyrak kasalliklari va xotira buzilishining asosiy sabablaridan biri. Asosan, 40 yoshdan kattalarda uchrasa-da, hozir stress, noto‘g‘ri ovqatlanish va kamharakat turmush tarzi sabab yoshlarda ham kuzatilmoqda.

Yuqori qon bosimi bosh og‘rig‘i, quloqda shovqin, ko‘rishning pasayishi, holsizlik, bosh aylanishi, uyqusizlik va yurak urishining tezlashishi bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zan burun qonashi, ko‘ngil aynishi, shishlar va xotira bilan bog‘liq muammolar ham kuzatiladi.

Kasallikning asosiy sabablari orasida doimiy stress, ruhiy tushkunlik, irsiy moyillik, kamharakatlik, ortiqcha vazn, sho‘r va yog‘li taomlarni ko‘p iste’mol qilish, chekish hamda spirtli ichimliklar bor. Shuningdek, bosh miya jarohatlari va moddalar almashinuvi bilan bog‘liq kasalliklar ham gipertoniyaga olib kelishi mumkin.

Aniq tashxis qo‘yish uchun laborator va instrumental tekshiruvlar o‘tkaziladi. Shundan so‘ng kasallik darajasi aniqlanib, mos davolash usuli tanlanadi. Davolanish jarayonida stressdan yiroq bo‘lish, ochiq havoda yurish va sog‘lom turmush tarziga amal qilish tavsiya etiladi.

Ahmadov gipertoniyaning oldini olish uchun qon bosimini muntazam nazorat qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish va shifokor ko‘rigidan o‘z vaqtida o‘tib turish kerakligini ta’kidladi. Bu yurak-qon tomir bilan bog‘liq og‘ir kasalliklarning oldini olishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq saraton kasalligining 40 foizigacha oldini olish mumkinligi haqida xabar berilgandi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilda taxminan 7,1 million yangi saraton kasalligi holatlari (37 foizi) oldini olish mumkin bo‘lgan omillar tufayli yuzaga kelgan.