
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Daniya va AQShga Grenlandiyani 120 yil muddatga ijaraga olish bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvni ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda u Pokistonning The News International nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mazkur taklif amalga oshirilgan taqdirda Grenlandiya huquqiy jihatdan Daniya tarkibida qoladi va mamlakat suverenitetiga putur yetmaydi.
«Variant sifatida AQSh va Daniya Grenlandiyani 120 yilga ijaraga olish kelishuvini ko‘rib chiqishlari mumkin. Bu holda orol Daniyaning huquqiy hududi bo‘lib qoladi, amaliy kelishuvlar esa umumiy strategik manfaatlarga xizmat qiladi», — dedi To‘qayev.
Qozog‘iston prezidenti bunday masalalarda xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilish, muloqot va tomonlar uchun maqbul yechim topish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro amaliyotda davlatlar umumiy manfaatlar yo‘lida hududlar yoki strategik infratuzilmalarni uzoq muddatli ijaraga olish bo‘yicha kelishuvlar tuzgan holatlar mavjud.
Shuningdek, To‘qayev har qanday qaror davlat suvereniteti va BMT Nizomida belgilangan tamoyillar doirasida ko‘rib chiqilishi lozimligini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Grenlandiya Arktika hududida joylashgan, Daniya tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. Orolning katta qismi muzliklar bilan qoplangan bo‘lib, u yerda taxminan 57 ming kishi istiqomat qiladi, aholining asosiy qismini inuitlar tashkil etadi. 1951-yilda AQSh va Daniya Grenlandiyani mudofaa qilish bo‘yicha kelishuv imzolagan. AQSh prezidenti Donald Tramp esa avvalroq Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish zarurligi haqida bir necha bor fikr bildirgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri Qozog‘iston prezidenti O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgani haqida yozgandi.