
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) huzuridagi Musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining Fatvo hay’ati 2026-yilda Ramazon oyining boshlanish sanasini e’lon qildi. Bu haqda kengashning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Qabul qilingan qarorga ko‘ra, Ramazon oyining birinchi kuni 19-fevral, payshanba kuniga to‘g‘ri keladi. Ramazon hayiti esa 20-mart, juma kuni nishonlanishi kutilmoqda.
Mazkur qaror 2 – 4-fevral kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Fatvo hay’atining maslahat yig‘ilishida belgilandi. Uchrashuv O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarligida tashkil etilib, unda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar diniy idoralari vakillari hamda islom ulamolari qatnashdi.
Fatvo hay’ati tomonidan qabul qilingan ushbu qo‘shma qaror turkiy davlatlar musulmon jamoalari o‘rtasida birlik va hamjihatlikni mustahkamlash, shuningdek, diniy amaliyotlarni zamonaviy ilmiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirishga bo‘lgan intilishning yaqqol ifodasi ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, Fatvo hay’ati tarkibiga TDTga a’zo davlatlar – Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston, shuningdek, tashkilotning kuzatuvchi davlatlari bo‘lgan Turkmaniston va Vengriya rasmiy musulmon diniy idoralari vakillari kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda 2026-yilgi Ramazon oyi va Qurbon hayiti sanalari aytilgani haqida yozgandi.