
Prezident farmoni bilan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlari ushbu agentlikka o‘tkazildi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab agentlik respublika va mintaqa bozorini tahlil qiladi hamda milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymat zanjirlarini oshirishga xizmat qiluvchi raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatini sohalar kesimida bosqichma-bosqich shakllantirib, e’lon qilib boradi.
Mazkur ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlik subyektlari bilan belgilangan tartibda kafolatli xarid shartnomalari tuziladi va ular tegishli dasturlarga kiritiladi.
Shuningdek, agentlik xorijiy huquq egalari bilan hamkorlik o‘rnatib, ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish, brend va tovar belgilari hamda xizmat ko‘rsatish belgilarini mahalliy tadbirkorlik subyektlariga berishga ko‘maklashadi.
Dasturlarga kiritilgan loyihalar doirasida ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan, respublikada o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan va tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xomashyo hamda butlovchi buyumlar 3 yil muddatga bojxona bojidan ozod etiladi.
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori lavozimiga Xaydarov Baxtiyor Xalimovich tayinlandi. U bunga qadar Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy soha muassasalarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.