
Shell neft-gaz konserni Qozog‘iston hukumati bilan davom etayotgan sud jarayonlari yakunlanmaguncha mamlakatga investitsiya kiritishni to‘xtatib turadi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.
Shell kompaniyasi ijrochi direktori Vael Savan 6-fevral kuni tahlilchilar bilan o‘tkazilgan telekonferensiyada vaziyatga oydinlik kiritdi. Uning ta’kidlashicha, respublika tomonidan qo‘yilayotgan milliardlab dollarlik da’volar kompaniyaning sarmoyaviy ishtiyoqini pasaytirmoqda.
«Bu bizning Qozog‘istonga sarmoya kiritish istagimizga ta’sir qilmoqda. Kelajakda ko‘plab imkoniyatlarni ko‘rayotgan bo‘lsak-da, vaziyat qanday yakunlanishi oydinlashmaguncha kutamiz», — dedi u.
Ayni paytda Qozog‘iston xalqaro sudlarda va milliy darajada g‘arbiy neft kompaniyalari bilan bir nechta yirik nizolarni olib bormoqda. Asosiy e’tibor ikkita yirik loyihaga qaratilgan. Yanvar oyida Shell va uning hamkorlari Qorachig‘anoq koni bo‘yicha xarajatlarni chegirib tashlash borasidagi bahsda yutqazgan edi, bu esa Qozog‘iston foydasiga $4 mlrdgacha to‘lovni anglatishi mumkin.
Qashag‘on loyihasida esa ekologik qoidabuzarliklar va xarajatlar asosliligi yuzasidan respublika da’vosi $13,5 mlrdga baholanmoqda. Ushbu bayonot yaqinda Shell va QazaqGaz milliy kompaniyasi o‘rtasida geologik qidiruv ishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar fonida yangradi.
Garchi Shell so‘nggi xaridlar hisobiga 2030-yilgacha qazib olish hajmini ta’minlagan bo‘lsa-da, kompaniya 2030–2035-yillar uchun yangi loyihalar portfelini shakllantirishga muhtoj.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shell elektromobillarni besh baravar tezroq zaryadlashga yordam beradigan texnologiya ishlab chiqqani haqida xabar bergan edi.