Avto

Sovuq Chevrolet’ni ham to‘xtatdi: yo‘ltanlamaslarda tormoz muammosi aniqlandi

General Motors kompaniyasi bu borada maxsus servis byulletenini e’lon qildi
Bir hafta −36 daraja sovuqda qolgan Chevrolet Cobalt qayta ishga tushdi
Foto: Serikjan Kovlanbayev

Kuchli sovuq sharoitida ayrim Chevrolet yo‘ltanlamas va pikaplarida tormoz tizimi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelayotgani ma’lum bo‘ldi. General Motors kompaniyasi bu borada maxsus servis byulletenini e’lon qildi.

Hujjatga ko‘ra, muammo 2022–2026-yillarda ishlab chiqarilgan va Shimoliy Amerikada sotilgan Chevrolet Silverado, Tahoe hamda Suburban modellari bilan bog‘liq. Avtomobil egalari tormoz tizimi va StabiliTrak barqarorlashtirish tizimi ishlashida nosozliklar, ABS ogohlantirish chirog‘ining yonishi, Service Brake System va Service StabiliTrak xabarlari, shuningdek, tormoz pedalidagi bosim o‘zgarishini kuzatishi mumkin.

Diagnostika jarayonida C055F xato kodi aniqlangan, 2026-yil modellari uchun esa yangilangan C0597 kodi qayd etilmoqda. Ushbu muammolar ko‘pincha havo harorati −23 darajadan past bo‘lgan sharoitlarda yuzaga chiqmoqda.

GM ma’lumotiga ko‘ra, asosiy sabab sifatida sovuq ob-havoda akkumulyator kuchlanishining pasayishi ko‘rsatilmoqda. Biroq aniq nosoz detal hozircha ochiqlanmagan. Kompaniya servis markazlariga akkumulyator holatini, sim va kabel ulanishlarini, sug‘urta bloklarini, massa nuqtalarini hamda zaryadlash tizimini tekshirishni, shuningdek, ortiqcha tok iste’moli yoki qo‘shimcha o‘rnatilgan jihozlar bor-yo‘qligini aniqlashni tavsiya qilmoqda.

Shuningdek, akkumulyatorni real sovuq sharoitida sinovdan o‘tkazish muammoni aniqlashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan. Mutaxassislar ushbu holat avtomobil tanlashda qishki sharoitga moslashuv faqat yurish qobiliyati yoki klirens bilan emas, balki elektron tizimlarning sovuqqa chidamliligi bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatishini qayd etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bir hafta -36 daraja sovuqda qolgan Chevrolet Cobalt qanday ishga tushishi haqida yozgandi.