
Toshkent «qo‘riqchisi» – taniqli tarixchi, o‘lkashunos va yozuvchi Boris Golender 5-fevral kuni kechqurun yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. U 78 yoshda edi.
Boris Anatolevichning nomi ko‘pchilik uchun Toshkent bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uning ilmiy va madaniy xizmatlari shahar tarixini saqlash va targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutdi. Ko‘plar uni «Eski Toshkent qo‘riqchisi» deb atashardi.
1947-yilda Toshkentda tug‘ilgan Golender Toshkent davlat universitetining kimyo fakultetini tamomlagan bo‘lsa-da, butun umri jurnalistika, tarix va o‘lkashunoslikka bag‘ishlandi. U O‘zbekiston tarixi va madaniyati haqida 100 dan ortiq kitob va maqolalar yozgan, shuningdek, turistik yo‘lko‘rsatkichlar yaratgan.
2007-yilda nashr etilgan «Mening toshkentlik janoblarim» kitobi Toshkent va uning aholisi haqidagi qimmatli ma’lumot manbai bo‘ldi. Yaqinda esa u o‘zining o‘ninchi kitobi «Ulfat: O‘zbekiston naqshlari»ni yakunlagan edi.
Boris Golender uzoq yillar davomida Toshkentdagi Sergey Yesenin davlat muzeyida faoliyat olib bordi, ma’ruzalar o‘qidi va ekskursiyalar o‘tkazdi. Shuningdek, X-Places Toshkent shahar tadqiqotchilari hamjamiyati bilan hamkorlikda poytaxtning tarixiy va madaniy merosini keng ommaga tanitdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Uyda yolg‘iz» filmi yulduzi Ketrin Oxara 71 yoshida vafot etgani haqida yozgandi.