Toshkent shahrida 1 kg palov tayyorlash narxi 116 ming so‘mdan oshadi

Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yil yanvar oyi uchun hududlar kesimida 1 kg palov tayyorlashning o‘rtacha qiymatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida (116,1 ming so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (98,2 ming so‘m) kuzatilgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, narxlar bo‘yicha yuqori o‘rinlarni Farg‘ona viloyati (115 ming so‘m) va Samarqand viloyati (113 ming so‘m) egallab turibdi. Toshkent viloyati (112 607 so‘m) hamda Qashqadaryo viloyatida (112 ming so‘m) ham palov tayyorlash narxi nisbatan yuqori shakllangan.
Boshqa hududlardagi narxlar quyidagicha ko‘rinish oldi: Surxondaryo — 111,6 ming so‘m, Jizzax va Navoiy — 109,6 ming so‘m. Namangan (108,6 ming so‘m), Buxoro (108 ming so‘m) va Xorazm (107 ming so‘m) viloyatlarida narxlar o‘rtacha darajada saqlanib turibdi. 105 ming so‘mdan past ko‘rsatkich faqat Sirdaryo viloyati (104 ming so‘m) va Qoraqalpog‘istonda qayd etilgan.
«Yuqoridagi raqamlar hududlarda sotilayotgan bir kilogramm palovning narxiga to‘g‘ri kelmaydi. Ularda palov tayyorlash va boshqa xizmatlar haqi ham qo‘shib hisoblanadi», — deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda Yangi yil dasturxonini bezash qancha turishi haqida xabar bergan edi.