Toshkent va Andijonda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi fosh etildi

Toshkent shahri va Andijon viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotish bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro K.T. va uning sheriklari fuqaroga xorijda ishlab chiqarilgan 170 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 13,6 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shu bilan birga, Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro boshqa bir shaxsga 30 dona «Zardeks» dori vositasini $300 ga sotayotgan vaqtida ushlangan. Tadbir davomida jami 36 dona ushbu dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Andijon shahrida esa Departamentning hududiy bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda O.U. va boshqa shaxslar xorijda ishlab chiqarilgan 5 dona «Tropikamid» va 5 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 1,8 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi. Tadbir davom ettirilib, ularning yashash xonadonidan 24 quti kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent va Qashqadaryoda Umra ziyorati bilan bog‘liq firibgarliklar fosh etilgani haqida yozgan edi.