
Milliy statistika qo‘mitasi yanvar oyidagi inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oylik inflyatsiya 0,7 foizni, yillik nisbatda esa 7,2 foizni tashkil etdi.
Yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga qimmatlashdi. Ayrim asosiy mahsulotlar narxida o‘sish qayd etildi. Xususan:
- Tuxum — 0,6%;
- Xom sut — o‘rtacha 1%;
- O‘simlik yog‘i — o‘rtacha 0,4%;
- Shakar — 1%;
- Suyaksiz mol go‘shti — 1,1%;
- Suyakli mol go‘shti — 1%;
- Qo‘y go‘shti — 1,6%;
- Parranda go‘shti — 1,4 – 1,5%;
- Bulg‘or qalampiri — 18,5%;
- Kartoshka — 1,9%;
- Sabzi — 1,8%;
- Piyoz — 1,2%;
- Karam — 3,8%.
Arzonlashgan mahsulotlar:
- Guruch — 1,1%;
- Oq qand — 0,4%;
- Pomidor — 2,1%.
Mevalar narxi:
- Banan — +6,3%;
- Limon — +4,9%;
- Mandarin — -2,4%;
- Apelsin — -2,3%.
Kommunal va tibbiy xizmatlar narxlari oshdi
Kommunal xizmatlar sohasida eng katta o‘sish ko‘mir narxlarida kuzatildi 2,3%. Yog‘och yoqilg‘isi ham 1,7 foizga qimmatlashdi. Ushbu mahsulotlar joriy yil boshidan boshlab rasmiy kuzatuv ro‘yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, ayrim hududlarda maishiy chiqindilarni olib ketish, issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshirildi. Respublika bo‘yicha o‘rtacha hisobda:
- maishiy chiqindilarni olib ketish — 0,2 foizga,
- issiqlik ta’minoti — 0,3 foizga,
- issiq suv ta’minoti — 0,9 foizga qimmatlashdi.
Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash materiallari narxlaridagi o‘sish esa 0,5 foizdan oshmadi.
Shuningdek, tibbiy xizmatlar narxlarida ham o‘sish qayd etildi. Xususan, diagnostika (rentgen, UTT va shunga o‘xshash xizmatlar) — 1,5 foizga, ambulator davolash va reabilitatsiya — 1,0 foizga, davolovchi massaj, stomatologiya, statsionar davolash va reabilitatsiya, tibbiy laboratoriya xizmatlari — 0,7 foizga qimmatlashdi.
Transport, yonilg‘i va aloqa xizmatlari narxlari
Yanvar oyida benzin narxlari biroz oshdi. Xususan, AI-92 markali benzin 0,6 foizga, AI-95 — 0,4 foizga, AI-98 va AI-100 esa 0,3 foizga qimmatlashdi.
Propan narxi ham sezilarli oshib, bir oyda 8,9 foizga ko‘tarildi. Natijada 1 litr propanning eng yuqori narxi 8 500 so‘mni tashkil etdi. Metan narxi esa deyarli o‘zgarmadi (0,1 foiz), biroq u 2025-yil boshiga nisbatan hanuz 30 foizdan ortiq yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, 2026-yil yanvaridan boshlab haydovchilikka o‘qitish, imtihon topshirish va guvohnoma olish xizmatlari o‘rtacha 5 foizga qimmatlashdi. Bunga nazariy va amaliy imtihonlar uchun to‘lovlarning oshgani sabab bo‘lgan.
Ijobiy tomoni, uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar chiptalari narxi 0,5 foizga, aviaqatnovlar esa o‘rtacha 5 foizga arzonlashdi. Bu milliy valyutaning mustahkamlanishi va ayrim yo‘nalishlardagi tariflarning qayta ko‘rib chiqilishi bilan izohlanmoqda.
Shuningdek, ushbu oyda mobil aloqa xizmatlari o‘rtacha 2,4 foizga qimmatlashdi. Biroq ayrim raqamli xizmatlar narxlarida pasayish qayd etildi. Xususan, striming platformalari obunasi biroz arzonlashdi (0,2 foizga), messenjerlar va sun’iy intellekt xizmatlariga pullik obunalar narxi esa bir oyda 0,8 foizga kamaydi.
Ta’lim, sug‘urta va maishiy xizmatlar
Yanvar oyida ta’lim sohasida xizmatlar narxlarida katta o‘zgarish bo‘lmadi. Faqat ayrim yo‘nalishlarda kichik oshish qayd etildi. Xususan, xususiy bolalar bog‘chalari xizmatlari 0,2 foizga qimmatlashdi. Til kurslari va repetitorlik xizmatlari narxi esa oy davomida 0,3 foizga oshdi. Yillik hisobda bu xizmatlar bo‘yicha narxlar o‘rtacha 5 foizdan biroz yuqori ko‘tarilgan.
Uzoq vaqt barqaror bo‘lib kelgan sug‘urta xizmatlari narxlarida 2026-yil yanvaridan boshlab keskin o‘sish kuzatildi. Ayniqsa, shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash xizmatlari keskin qimmatlashdi. Bu yo‘nalishda narxlar indeksi juda yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi va natijada umumiy narxlar indeksiga ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatdi.
Maishiy tovarlar va xizmatlar bo‘limida narxlar turlicha o‘zgardi. Ayrim mahsulotlarda narxlar deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa, qimmatbaho metallardan tayyorlangan nikoh uzuklari (+7%) eng katta o‘sishni ko‘rsatdi. Gigiyena vositalari va bolalar uchun mo‘ljallangan ayrim mahsulotlarda esa narxlar nisbatan barqaror bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston vazirligi O‘zbekistonga $3 dan go‘sht sotilganini shubha ostiga olgandi. Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Janel Kushukova O‘zbekistonga go‘shtning 1 kgni $3 evaziga eksport qilingani haqidagi statistikani shubhali deb atab, buni texnik xato bilan izohlash mumkinligini ta’kidladi.