Avto

Volkswagen Transporter Sportline qanday imkoniyatlar bilan chiqdi

Buyuk Britaniyada Volkswagen Transporter Sportline narxi 62 ming 752 funt sterlingdan boshlanadi
Volkswagen Transporter Sportline
Foto: Volkswagen

Volkswagen kompaniyasi yangi avlod Volkswagen Transporter Sportline modelini rasman namoyish etdi. Bu haqda Auto review ma’lum qildi.

Sportcha uslubda ishlangan ushbu furgon amaldagi Transporter T7 asosida yaratilgan bo‘lib, u Ford Transit Custom va Tourneo Custom’ga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi hisoblanadi.

Foto: Volkswagen

Transporter Sportline tashqi ko‘rinishi bilan oddiy versiyalardan sezilarli farq qiladi. Old qismida kattalashtirilgan havo kirish joyiga ega yangi bamper o‘rnatilgan. Radiator panjarasi atrofida yaltiroq qora bezaklar va faralar orasida GTI uslubidagi qizil chiziq paydo bo‘lgan. Yon tomondan model o‘zgacha porog qoplamalari va 19 dyuymli disklar bilan ajralib turadi. Orqa qismida esa yangilangan bamper, ikki bo‘lakli spoyler va Sportline yozuvi joylashtirilgan.

Model matritsali IQ Light faralari, Eibach prujinalari tufayli 29 mm pasaytirilgan klirens hamda elektr boshqaruvli va isitiladigan yon oynalarga ega. Salonida sport o‘rindiqlari qo‘llanilgan bo‘lib, ular qizil chokli ekocharmlar bilan qoplangan. Shuningdek, isitiladigan charm rul, yoritiladigan metall poroglar, orqa kamera va kalitsiz kirish tizimi ham mavjud.

Foto: Volkswagen

Texnik jihatdan Transporter Sportline standart dvigatellardan foydalanadi. Xaridorlarga 110 yoki 150 ot kuchiga ega turbodiesel, 232 ot kuchli gibrid tizim hamda 136, 218 va 286 ot kuchiga ega to‘liq elektr versiyalar taklif qilinadi. Elektr modellar 64 kVt/soatli batareya bilan jihozlangan. Mashina furgon va kombi kuzovida, ikki xil g‘ildirak bazasi bilan sotuvga chiqariladi.

Shuningdek, kompaniya klassik VW T1’ning 75 yilligiga bag‘ishlab Sportline 75 nomli cheklangan seriyani ham e’lon qildi. U Moss Green rangida bo‘lib, maxsus logotiplar va interyerdagi individual raqam bilan ajralib turadi.

Foto: Volkswagen

Buyuk Britaniyada Volkswagen Transporter Sportline narxi 62 ming funt sterlingdan boshlanadi. Sportline 75 talqini kamida 64 ming funtga, Commerce Pro S esa 53 ming funtga baholangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri avtomobillar uchun kichik va ishonchli dvigatellar e’lon qilingani haqida yozgan edi.