
O‘zbekistonda Geely brendining uchta yangi krossoveri elektr EX5 EV, gibrid EX5 EM-i va benzinli Monjaro narxlari ma’lum qilindi. Bu haqda «Kitayskie avtomobili» nashri xabar berdi.

Geely Monjaro
Geely Monjaro O‘zbekistonda 2,0 litrli, 238 ot kuchiga ega dvigatel, 8 pog‘onali avtomat transmissiya va to‘liq g‘ildirak haydovchisi bilan taklif etiladi. Avtomobil narxi 503,3 – 515,5 mln so‘m atrofida, kafolat muddati esa 5 yilni tashkil etadi.

Geely EX5 EM-i
Ikkinchi model Geely EX5 EM-i gibrid avtomobili bo‘lib, maksimal masofa 1033 km. 218 ot kuchiga ega quvvat tizimi 1,5 litrli dvigatel va bitta elektr motordan iborat. Avtomobil narxi 392,8 mln so‘m.

Geely EX5 EV
Uchinchi model to‘liq elektr Geely EX5 EV bo‘lib, bitta zaryad bilan 495 km masofani bosib o‘tadi. Bu model eng arzon bo‘lib, narxi 355,6 – 398,9 mln so‘mni tashkil qiladi.

Ma’lumot uchun, Geely kompaniyasi O‘zbekistondagi vositachilardan voz kechib, Geely Auto WZ rasmiy vakolatxonasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqaruvni joriy qildi. Yaqin kelajakda Geely modellar qatorini kengaytirishni rejalashtirgan. Mamlakatda allaqachon Emgrand va Preface sedanlari hamda Cityray, Atlas va Coolray krossoverlari sertifikatdan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geely Monjaro’ning gibrid varianti qanday ko‘rinishga egaligi haqida xabar bergan edik.