Yangiliklar

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish «Mening uyim» tizimi orqali amalga oshiriladi

2027-yildan butun respublika bo‘ylab
Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishda klaster tizimi joriy etiladi
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish «Mening uyim» tizimi orqali amalga oshiriladi / Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashadi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

2026-yil 5-fevralda «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va tuzatuv hududlarni obodonlashtirish yo‘nalishidagi markazlashgan mablag‘lardan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini saralash va bajarishda yangi tartib o‘rnatiladi.

Endilikda loyiha takliflari tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarida muhokama qilinadi va faqat ularning qarori bilan tasdiqlangandan keyingina amalga oshiriladi. Shakllantirilgan loyiha takliflari bo‘yicha loyiha-oldi tadqiqotlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchilar va loyiha tashkilotlari bilan birgalikda, har bir hududning xususiyatlari inobatga olingan holda o‘tkaziladi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning birlashtirilgan hududidagi barcha daraxt va butalar boshqaruvchilar tomonidan tekshiriladi va ular haqida ma’lumotlar «Mening uyim» axborot-billing tizimida aks ettiriladi. Markazlashgan ichimlik suvidan foydalanuvchi iste’molchilarga daraxt va butalarni sug‘orish ishlari hisoblagichlar orqali kunning istalgan vaqtida amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.

2026-yil 1-iyuldan Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylar bo‘yicha umumiy yig‘ilishlar, qaror qabul qilish, shartnomalar tuzish va boshqaruvchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish faqat «Mening uyim» avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimida amalga oshiriladi. Ushbu tartib 2027-yildan butun respublika hududlariga tatbiq etiladi.

Shuningdek, majburiy to‘lovlar va ko‘p kvartirali uylarning umumiy mol-mulkini ijara va foydalanishdan tushadigan to‘lovlar hisoblari ham faqat «Mening uyim» ABT orqali yuritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilda O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori qanday o‘zgargani haqida xabar bergan edik.