
2026-yil yanvar oyida O‘zbekistonning xalqaro oltin-valyuta zaxiralari hajmi $8,8 mlrdga oshib, tarixiy maksimum – $75 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich mamlakat uchun zaxiralar bo‘yicha yangi rekord hisoblanadi. So‘nggi bir yil davomida xalqaro zaxiralar hajmi 82 foizdan ortiq ko‘paydi.
Yanvar oyida zaxiralardagi oltinning qiymati qariyb $10 mlrdga oshib, $65 mlrdga yaqinlashdi. Oltinning fizik hajmi esa 12,8 mln troya unsiyani tashkil etdi. Bu esa qariyb 400 tonnaga teng. Ushbu o‘sish, asosan, jahon bozorida oltin narxining rekord darajaga ko‘tarilishi bilan izohlanadi. Ayniqsa, 2026-yil yanvar oyida oltin narxi ilk bor bir troya unsiya uchun $5,5 mingdan oshdi.
Shu bilan birga, o‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $1,2 mlrdga qisqarib, $9,5 mlrd ko‘rsatkichni qayd etdi. Markaziy bank tomonidan investitsiya qilingan qimmatli qog‘ozlar hajmi esa deyarli o‘zgarmadi – $1,5 mlrd.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil dekabr oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bankining oltin-valyuta zaxiralari sezilarli oshib, $66,3 mlrdni tashkil etgan edi.